Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti dekani o`rinbosari A.N. hamda kafedra assistenti K.X. fuqarolarni o`qishga kiritib qo`yishni va`da qilib, ulardan pora olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, hozir mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Sog`liqni saqlash vaziri buyrug`i bilan Andijon davlat tibbiyot instituti xodimlari tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarni o`rganish yuzasidan vazirlikning ishchi guruhi tuzilib, xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Ayni paytda mazkur oliy o`quv yurtida mas`ul shaxslarning o`qishga kiritib qo`yish maqsadida korrupsiyaviy omillarga yo`l qo`yilganligi, uni keltirib chiqarayotgan tizimli muammolar hamda bunga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan to`liq o`rganish o`tkazilmoqda.
Shuningdek, korrupsiyaviy holat sodir etilishiga sharoit yaratib berganligi, muassasa xodimlari o`rtasida etarlicha tushuntirish ishlari olib bormaganligi sababli institutning qator mas`ullariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo`llaniladi.
"Hurmatli yurtdoshlar! Agar Siz sog`liqni saqlash tizimida biror bir korrupsion holatga duch kelsangiz, vazirlikning 1003, 1203 va 1103 (hududlar bo`yicha) qisqa raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Eslatib o`tamiz, Sog`liqni saqlash vazirligi korrupsiyaviy holatlar hamda noqonuniy xatti-harakatlarning har qanday ko`rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo`ladi", - deyiladi ma`lumotda.






