Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, joriy yilning fevral oyida fuqaro N.O. tomonidan O`zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga qarashli A.Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o`rgatish milliy-tadqiqot instituti mansabdor shaxslari xatti-harakatlari bo`yicha Agentlikka kelib tushgan murojaat ko`rib chiqilib, quyidagilar aniqlangan:
Institut tomonidan vazirlikning “Zo`r” (“Klass”) loyihasi doirasida 2021-2022 o`quv yillarida hududlardagi maktab o`quvchilariga rus tilini o`rgatish uchun 150 nafar rossiyalik mutaxassisning tashrifi ko`zda tutilgan hamda ularning uy ijarasi uchun “Araks Trade Business” MChJ bilan 8 mlrd 473,4 mln so`mlik shartnoma imzolangan. Ushbu shartnoma kompleks ekspertizadan o`tkazilmagan va uni tuzishda manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilgan.
Ma`lumot uchun: “Araks Trade Business” MChJning 2013-2021 yillardagi ta`sischisi K.F. bo`lib, u 2018 yil buyon Pedagoglarning kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o`rgatish bo`yicha milliy tadqiqot institutida o`quv-metodik ishlar bo`yicha prorektor lavozimida ishlaydi.
Shartnomaga muvofiq, 149 ta uy-joy ijarasi va ko`rsatilgan xizmatlar uchun haqiqatda sarflangan mablag`lardan kelib chiqib, Institut tomonidan harajat qilingan summa 4 mlrd. 858 mln so`mni tashkil etgan. Biroq 2021 yil sentyabr — 2022 yil iyun oylarida Rossiya Federasiyasidan amalda kelmagan 31 nafar o`qituvchiga 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569.4 mln so`m ortiqcha to`langan. Shuningdek, uy-joy ijarasi va ko`rsatilgan xizmatlar uchun 4 mlrd 858 mln so`m to`lanishi lozim bo`lsa-da, Institut tomonidan 7 mlrd 052 mln so`m mablag` o`tkazib berilishi hisobiga “Araks Trade Business” MChJga 2 mlrd 194,2 mln so`m mablag` ortiqcha to`lab berilgan va bu mablag` keyinchalik o`zlashtirilgan.
Qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan hujjatlar asosida o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari bo`yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Institut va “Araks Trade Business”MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi va Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borildi.
Ayni paytda holat bo`yicha sud jarayonlari kechmoqda, deyiladi xabarda.






