17 iyul kuni Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov barcha davlat xizmatchilariga o`z ishida qirg`iz tilidan foydalanish majburiyatini yuklagan davlat tili haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Qirg`iziston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunning yangi tahririga ko`ra, davlat idoralari faoliyati, hujjat aylanishi, sud ishlarini yuritish, xalqaro shartnomalar, geografik nomlar, shuningdek, ta`lim, fan, madaniyat va ommaviy axborot vositalari kabi 11 ta yo`nalish va sohalarda qirg`iz tilidan foydalanish ham majburiy bo`ladi. Xususan, teleradioeshittirishlar hajmi kamida 60 foizni tashkil etishi kerak.
Bundan tashqari, qirg`iz tili kompyuter dasturlari interfeyslari, ommaviy tadbirlar, reklama, transport va mijozlarga xizmat ko`rsatishda majburiy bo`ladi.
Deputatlar, Milliy bank xodimlari, ichki ishlar organlari xodimlari, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, notariuslar, o`qituvchilar va tibbiyot xodimlari o`z xizmat vazifalarini bajarishda qirg`iz tilini bilishlari shart.
Qonunda ta`kidlanishicha, Qirg`iziston «o`z hududida yashovchi barcha etnik guruhlar vakillarining tillaridan erkin foydalanish tamoyiliga amal qiladi va bu tillarning rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratilishini kafolatlaydi». Shuningdek, u mamlakatda rus tilining rasmiy maqomida qolayotganini belgilaydi.






