2023 yilning 28 iyun kuni soat 17:30 da “Qoradori-2023” tadbirlari davomida, Bektemir tumani Chirchiq bo`yi ko`chasida xizmatlarini olib boriyotgan tuman IIO FMB PPX xodimlari tomonidan mazkur hududda bo`lgan 25 yoshli I.K. o`zining harakatlari bilan shubha uyg`otganligi sababli to`xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilgan vaqtda egnidagi qora rangli shimining chap cho`ntagidan 1 dona ko`k rangli elim skotchga o`ralgan giyohvand moddasiga o`xshash modda borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Y.K.dan ushbu moddani kimdan va qaerdan olganligi so`ralganida, u ushbu giyohvand moddasini geolokasiya asosida ko`mib qo`yish uchun olib ketayotganligini va Toshkent shahri Bektemir tumanidagi Chirchiq bo`yi, Taraqqiyot, B.Nozim, Parkent yo`li ko`chalari, “Iyk-ota”, “Gulbog`”, “Zabardast” MFYlar hududida o`ziga notanish bo`lgan mijozlar uchun jami 23 dona o`ramdagi giyohvandlik moddalarini ko`mib chiqqanligini ma`lum qildi.
Ushbu 23 dona o`ramdagi moddalar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Toshkent shahar IIBB EKMning sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko`ra, Y.K.dan olingan modda tarkibida alfa-pirrolidinovalerofenon mavjud bo`lib, bu modda “alfa-pirrolidinovalerofenon (a-PVP)” deb atalishi va umumiy og`irligi 22,4 grammga tengligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan I.K.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5 qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko`p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko`ra, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.






