Camolyot — tezkor va qulay transport vositasi. Ammo undan foydalanish uchun barchaning ham salomatlik ko`rsatkichlari mos kelavermaydi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti salomatligi tufayli havo layneri bortiga chiqishiga ruxsat etilmaydigan yo`lovchilar ro`yxatini e`lon qildi.
“Aviakompaniyalar og`ir ahvoldagi yoki parvoz chog`ida sog`lig`i yomonlashishi mumkin bo`lgan ba`zi yo`lovchilarni samolyotga chiqarishdan bosh tortish huquqiga ega”, — deyiladi JSST hujjatida.
Ular quyidagilar:
- tug`ilganiga 48 soat to`lmagan (yoki muddatidan avval dunyoga kelgan) chaqaloqlar;
- homiladorlikning 36-haftasi yoki undan ortiq davrida bo`lgan ayollar (ko`p homiladorlik uchun bu ko`rsatkich 32 haftaga teng)
- stenokardiya va ko`krak qafasidagi og`riq, yuqumli kasalliklar, yurak-qon tomir tizimi xastaliklariga chalinganlar;
- yaqinda infarkt yoki insultni boshdan kechirganlar;
- tanada havo yoki gaz to`planishi mumkin bo`lgan jarohatlari bor va yaqinda oshqozon, ichak, ko`z, yuz yoki bosh miya operasiyalarini o`tkazganlar;
- nafas olish tizimi bilan bog`liq o`tkir va uzoq muddatli xastaliklardan aziyat chekuvchilar;
- pnevmoniya tashxisi qo`yilganlar;
- tinch holatda nafas qisishi xuruj qiluvchilar;
- o`roqsimon hujayrali anemiyaga chalinganlar;
- pnevmotoraks (o`pka teshilishi) aniqlanganlar;
- quloq infeksiyasi bor bemorlar;
- dekompressiya kasalligi bilan og`riganlar;
- bosh miyada bosim oshishidan (qon ketishi, jarohatlar yoki infeksiya tufayli) qiynaladigan kishilar.
Ekspertlarning qo`shimcha qilishicha, bu ro`yxat turli aviakompaniyalar talablari asosida biroz farqlanishi ham mumkin.
17.07.2023 12:21
Kimlarga samolyotda uchish mumkin emas?






