AsosiyJamiyat

Holat bo`yicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi

'Holat bo`yicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi'ning rasmi

Avvalroq, Nurafshon shahar TTBga o og`ir ahvolda olib kelingan 29 yoshli ayol va uning tug`ilajak farzandi tug`ruq vaqtida hayotdan ko`z yumganligi haqida xabar bergan edik. Sog`liqni saqlash vazirligi holat bo`yicha qo`shimcha tavsilotlarni ochiqladi. 

Aniqlanishicha, 2023 yil 14 iyul soat 06:45 da Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasining tug`uruq bo`limiga O`rtachirchiq tumani “Gulobod” MFY da yashovchi 1993 yil 28 fevralda tug`ilgan fuqaro M.D. murojaat qilgan.

Bemor muassasaga olib kelinganida ahvoli o`ta og`ir, terisi rangpar, sovuq ter bosgan, arterial qon bosimi 70/40 mm simob ustuniga teng, tana harorati 39,5 daraja, tananing shilliq qavatlari ko`kimtir rangda, karaxt va savollarga aniq javob bera olmaydigan holatda bo`lgan.

Qabul vaqtida unga  “Homiladorlik-2”, 38 hafta tug`uruq, sepsis. I-II darajali septik shok” dastlabki tashxisi qo`yilib, zudlik bilan reanimasiya bo`limiga yotqizilgan. Shundan so`ng navbatchi brigada akusher-ginekologlari hamda anesteziolog-reanimatolog tomonidan barcha zarur reanimasion muolajalar amalga oshirishga kirishilgan.

Dastlab ikki tomonlama periferik vena, keyinchalik markaziy  vena kateterlanib, markaziy venoz bosim past bo`lganligi uchun shokka qarshi, yurak-qon tomir, nafas olish tizimini qo`llab-quvvatlovchi tezkor chora-tadbirlar o`tkazilgan.

Shuningdek, bemor o`pkaning sun`iy ventilyasiyasiga o`tkazilgan. Biroq markaziy vena orqali bajarilgan massiv infuzion muolajalar va jadal reanimasion terapiyaga qaramay, uning gemodinamikasi tiklanmagan.

Oqibatda 2023 yil 14 iyul soat 07:30 da bemorda klinik o`lim holati qayd etildi. Navbatchi anesteziolog-reanimatolog shifokorlar tomonidan yurak-o`pka reanimasiyasi 40 daqiqa davomida olib borildi, lekin  yurak faoliyati tiklanmadi. Oqibatda soat 08:10 da bemorda biologik o`lim kuzatildi.

Ushbu holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar