AsosiyJamiyat

O`zbekistonning xalqaro zaxiralari so`nggi 5 yilda 35 foizga oshdi

'O`zbekistonning xalqaro zaxiralari so`nggi 5 yilda 35 foizga oshdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston xalqaro zaxiralariga doir tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, O`zbekistonning xalqaro zaxiralar hajmi 2017 yil bilan solishtirilganda 9,3 mlrd AQSh dollari yoki 35,3 foizga oshgan bo`lib, bu holat 2017-2022 yillar mobaynida xalqaro zaxiralar tarkibidagi monetar oltin hajmining 67 tonnaga ortganligi hamda oltin narxining 2017 yil boshidagi 1 159,1 dollardan 2022 yil yakuniga 1 812,4 dollargacha ko`tarilishi bilan izohlanadi. Bunda xalqaro zaxiralar xajmiga oltin narxi o`zgarishining ta`siri 6,9 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi.

Natijada xalqaro zaxiralarning tarkibida monetar oltinning ulushi 2017 yilga nisbatan 46 foizdan 2023 yil 1 yanvar holatiga 64 foizgacha oshdi va mos ravishda valyuta mablag`lari ulushi 53 foizdan 36 foizga kamaydi.

«Hozirgi geosiyosiy noaniqliklar sharoitida xalqaro amaliyotda oltin xavfsiz aktiv sifatida tan olingan bo`lib, global iqtisodiy inqirozlar, yuqori inflyasion bosim va geosiyosiy ziddiyatlar davrida investorlarning oltinga xavfsiz aktiv va inflyasiyadan xedjirlash vositasi sifatida talab ortadi va bu, o`z navbatida, oltin narxining o`sishiga xizmat qiladi.

O`zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari hajmi xalqaro amaliyotda zaxiralarning etarliligini baholashda qo`llaniladigan ko`rsatkichlarning minimal talablariga to`liq javob beradi», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Ma`lum qilinishicha, xalqaro zaxiralarning keng ma`nodagi pul massasiga nisbati 2023 yil 1 iyul holatiga 204 foizni tashkil qilgan bo`lib, 20 foizlik minimal talabdan 10 barobar ko`pdir.

Shuningdek, keltirilishicha, import hajmi 2017 yilda 14 mlrd dollarni tashkil qilgan bo`lsa, 2022 yilga kelib bu ko`rsatkich 30 mlrd dollarga etgan, ya`ni o`sish 2,1 barobarni tashkil qilgan, 2021-2022 yillarda YaIM nominal hajmida 20-22 foizlik o`sish kuzatilgan bo`lsa, import hajmida ham shunga mos ravishda 20-21 foizlik o`sish sur`atlari qayd etilgan.

Import hajmining yuqori sur`atlarda oshib borishi sharoitida xalqaro zaxiralarning ularga bo`lgan nisbatining pasayishi, 2023 yil 1 iyul holatiga xalqaro zaxiralarni 11,3 oylik importni qoplashga etadigan darajada shakllantiruvchi omillar bo`lgan. Bu esa minimal talab etiladigan ko`rsatkichdan qariyb 4 barobarga yuqoridir (minimal talab 3 oy).

    Boshqa yangiliklar