Prezident Shavkat Mirziyoev barcha bo`g`indagi rahbarlarga va yoshlarga murojaat qildi.
"Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, o`g`il-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan ko`z tikib turibdi. Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart.
Barcha bo`g`indagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho beramiz.
Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo`pol munosabatda bo`ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim bo`ladimi, boshqa mas`ul vazifadagi amaldor bo`ladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obro`siga putur etkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz.
Ularning o`rniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit- qizlarni qo`yamiz.
Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda o`qigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini ko`raman" - dedi Shavkat Mirziyoev.
"El-yurt koriga avvalo kim yaraydi? Albatta, sizlar! Yangi O`zbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi? Albatta, sizlar! Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi? Albatta, sizlar! Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi", - deya yoshlarga murojaat qildi Mirziyoev.






