Qirg`izistonda Prezident va deputatlar saylovida ovoz berishda qatnashmaganlik uchun jarima solinishi mumkin. Tegishli qonun loyihasi Jo`qorg`u Kenesh saytiga muhokamaga qo`yilgan.
Qayd etilishicha, agar bu loyiha qabul qilinsa “Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti va parlament deputatlari saylovi to`g`risida”gi qonunga bir necha o`zgartirishlar kiritiladi.
O`zgartirishlarga ko`ra, Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti va Jo`qorg`u Kenesh deputatlari saylovlarida ovoz berishdan bosh tortgani uchun har qanday qirg`izistonlik 50 hisoblangan ko`rsatkich – 5 ming som miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Faqat uzrli sabablarga ko`ra ovoz berishni o`tkazib yuborganlar uchun istisno qilinadi. Bunday sabablarning mezonlari qonun loyihasida ko`rsatilmagan.
Hujjatda keltirilishicha, ko`plab Evropa davlatlari, Avstraliya, Braziliya, Turkiyada uzrsiz sabablarsiz saylovga kelmagan fuqarolarni javobgarlikka tortish amaliyoti mavjud. Shuningdek, mazkur chora saylovda etarlicha faollikni ta`minlashi qayd etilgan.






