AsosiyJamiyat

Namanganda aka-singil bir-biriga nashida yuborgani uchun sudlandi

'Namanganda aka-singil bir-biriga nashida yuborgani uchun sudlandi'ning rasmi

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida aka-singil bir-biriga taqiqlangan mazmundagi nashida va boshqa aqidaparastlik g`oyalari aks etgan videolarni yuborgani uchun sudlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov Darakchi.uz'ga ma`lum qildi.

Manbaga ko`ra, Mingbuloq tumanida yashovchi 23 yoshli M.A. sinfdoshi M.M. ta`sirida diniy mazmundagi taqiqlangan ma`ruza hamda videroliklar orqali internetda diniy da`vatlar bilan shug`ullanuvchi qorilarning ma`ruzalarini eshitib, ular ta`siri ostida Suriyaga hijrat va jihod amallarini bajarish uchun ketmoqchi bo`lgan. Lekin sinfdoshi M.M. u erda fitnalar ko`p ekanligi xaqida aytgach, borish fikridan qaytgan.

U 2021 yil may oyida ishlash maqsadida Rossiyaning Qozon shahriga borib, sartaroshlik bilan shug`ullangan. Qozonda yurgan paytida Telegram va Instagram tarmoqlarida shaxsiy profillar ochib, yaqinlari – singlisi S.A., akasi B.A. va sinfdoshi O.Q.ga diniy mazmundagi taqiqlangan ma`ruza va videroliklarni jo`natgan.

Sudlanuvchi M.A. sud zalida yuqorida keltirilgan diniy mazmundagi audio va video ma`ruzalarni yaqinlariga eshitib ko`rishlari uchun yuborgani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, engillik berishni so`ragan.

Sud M.A.ga jazo tayinlashda aybiga to`liq iqrorligi, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligini jazoni engillashtiruvchi holatlar deb topgan.

U Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Shuningdek, M.A.ning 19 yoshli singlisi S.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo`zg`atilib, sud tomonidan hukm 14 aprel kuni e`lon qilingan. Sud hujjatlarida keltirilishicha, sudlanuvchi S.A. internet orqali “aqidaparastlik g`oyalari aks etgan materiallarni tarqatib kelgan”. 

Din ishlari bo`yicha qo`mitaning ekspertiza xulosasiga asosan, ushbu ma`ruzalar diniy aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgani aniqlangan.

Sud majlisida S.A. diniy mazmundagi audioyozuvlarni akasi M.A.ga jo`natgani, akasidan u yuborgan audioyozuvlarni o`chirish haqida so`raganida, M.A. O`zbekistonga borguncha o`chirmasligini aytganini ma`lum qilgan. Shundan so`ng qilgan ishi xato ekanini tushunib etgani, afsusda ekani va pushaymonligini aytib, suddan engillik berishni so`ragan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Shunga ko`ra, qizga ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Sud hukmiga ko`ra, qiz yashash joyidan kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishi cheklangan.

Shu bilan birga, ushbu vaqt davomida quyidagi taqiqlar qo`yilgan:

•  ommaviy va boshqa tadbirlar o`tkazishda ishtirok etmaslik;

•  uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash, ish yoki o`qish joyini o`zgartirmaslik;

•  Namangan viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik;

•  aloqa vositalaridan, jumladan, internetdan foydalanmaslik.

Bundan tashqari, unga tegishli bo`lgan telefon aqidaparastlik materiallaridan tozalanib, davlat foydasiga musodara qilish, ayolga tegishli profillar tarmoqlardan o`chirib tashlanishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar