Bosh prokuratura matbuot xizmati ma`lumotiga ko`ra, Namangan shahri Marg`ilon ko`chasida yashovchi X.A. 2023 yil 12 iyun kuni qo`shnisi M.T. bilan oldindan o`rtalarida bo`lib kelayotgan uy-joy nizosi yuzasidan janjallashib qolib, yashash xonadonidan temirdan ishlangan “Lom”ni olib chiqib, unga xujum qilganida shu joyda bo`lgan fuqarolar tomonidan to`xtatib qolingan.
Fuqaro M.T. Namangan viloyat IIBning “102” qisqa raqamli ishonch telefoniga qo`ng`iroq qilib, fuqaro X.A.ga nisbatan qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.
Mazkur murojaat bo`yicha Namangan shahar IIO FMB HPB profilaktika inspektori tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, 20-iyun kuni X.A.ga nisbatan MJtKning 183-moddasiga asosan ma`muriy chora ko`rish yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, Namangan shahar sudiga yuborilgan.
Shundan so`ng, X.A. o`ziga nisbatan M.T.ning murojati bo`yicha ma`muriy chora ko`rilayotganligidan g`azablanib, uni qasddan o`ldirish maqsadida 4 iyul kuni soat 16:00 larda o`zining egizak akasi bilan birga 1 dona chopqi va 1 dona pichoq bilan M.T.ning yashash xonadoni kelgan.
M.T. yashash uyining tashqarisiga chiqqan vaqtida, X.A. voyaga etmagan R.T.ni ko`z o`ngida onasi M.T.ni erga yiqitib, o`zi bilan olib kelgan chopqi bilan qorin va elka sohalariga bir necha marotaba urib, M.T.ni ikki qo`li kaft sohasidan chopqi bilan chopib tashlagan.
M.T. olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.






