Hukumat qarori bilan avtomobilda yuk va yo`lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va ulardan foydalanish tartibi to`g`risida nizom qabul qilindi.
Nizomga ko`ra, ruxsatnomalarda avtomobilda yuk va yo`lovchilarni xalqaro tashish turlari (ikki tomonlama, tranzit yoki uchinchi davlatga/dan tashish) va ulardan foydalanish shartlari ko`rsatiladi.
Ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga bo`linadi:
- ikki tomonlama yuk tashish uchun;
- tranzit yuk tashish uchun;
- uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun;
- ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun;
- ikki tomonlama qatnovlarda yo`lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
- tranzit qatnovlarda yo`lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
- ikki tomonlama/tranzit qatnovlarda yo`lovchilarni nomuntazam tashish uchun.
Xorijiy/ko`p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizani milliy tashuvchi o`zining ERIsi bilan tasdiqlagan holda «E-avto ruxsatnoma» AAT orqali takdim etadi va ariza olingan kundan 1 ish kunida ko`rib chiqiladi. Ruxsatnomani berish yoki berishni rad etish «E-avto ruxsatnoma» AATda avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Ruxsatnomalar ular berilgan kundan 90 kalendar kun ichida vakolatli organga qaytarish sharti bilan tashuvchilarga beriladi. Har bir beriladigan xorijiy/ko`p tomonlama ruxsatnoma uchun BHMning to`rtdan biri (82 ming 500 so`m) miqdorida yig`im undiriladi.
Milliy tashuvchi tomonidan unga berilgan xorijiy/ko`p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo`yicha huquqlar uchinchi shaxslarga berilganligi aniqlangan taqdirda, «E-avto ruxsatnoma» AATda avtomatik tarzda ushbu tashuvchiga – 3 oy muddatga, yil davomida qayta aniqlansa – 6 oy muddatga barcha xorijiy/ko`p tomonlama ruxsatnomalar berilishi to`xtatiladi.






