AsosiyDunyo

JSST prognozi: Kelgusi oylarda dunyo bo`ylab ekstremal ob-havo hodisalari kuzatiladi

'JSST prognozi: Kelgusi oylarda dunyo bo`ylab ekstremal ob-havo hodisalari kuzatiladi'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining navbatdagi bayonoti yaqin oylarda dunyoda sodir bo`lishi kutilayotgan jazirama ob-havo, suv toshqinlari va bo`ronlar prognoziga bag`ishlandi.

”Dushanba kuni sayyoramiz bo`yicha rekord darajadagi eng issiq kun qayd etildi, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Ya`ni 3 iyul sanasida Erdagi o`rtacha harorat Selsiy shkalasi bo`yicha 17 darajadan oshdi.

Bu — mazkur yo`nalishda kuzatuvlar boshlangan 1979 yildan beri kuzatilgan yuqori ko`rsatkich.

Kelgusi oylarda esa bir qator ekstremal ob-havo hodisalariga ro`baro` kelishimiz mumkin. Qurg`oqchilik, toshqin va bo`ronlar, jazirama to`lqinlari shular jumlasidan”.

Bayonotda qayd etilishicha, Afrika qit`asining shimoli-sharqida joylashgan ba`zi mamlakatlardagi uzoq davom etgan qurg`oqchilik allaqachon ocharchilik, migrasiya va yuqumli kasalliklarni keltirib chiqargan va bu holat sog`liqni saqlash muassasalari uchun ortiqcha yuklama bo`lyapti.

Bundan tashqari, ayni paytda etti davlat — Jibuti, Efiopiya, Keniya, Somali, Janubiy Sudan, Sudan Respublikasi va Ugandada deyarli 60 million kishi oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Eslatib o`tamiz, avvalroq Jahon meteorologiya tashkiloti kelgusi besh yil ichida global harorat rekord darajaga etishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

    Boshqa yangiliklar