AsosiyJamiyat

Samarqandda yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlashga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig`ilishi bo`lib o`tadi

'Samarqandda yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlashga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig`ilishi bo`lib o`tadi'ning rasmi

2023 yilning 20 iyun kuni Berlinda O`zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda BMT Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlashga doir  konvensiyasi (CMS konvensiyasi) Ijrochi kotibi E. Frenkel o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi xabar berdi.

Ma`lumot uchun, CMS konvensiyasi yoki Bonn konvensiyasi 1979-yilda Bonnda (Germaniya) qabul qilingan. Konvensiyaga 133 ta davlat a`zo. O`zbekiston 1998-yilda konvensiyani ratifikasiya qilgan va ko`plab ko`chib yuruvchi jonzotlar: sayg`oq, qor qoplon, Buxoro bug`usi, arxar, qulan, jayron, flamingo, Sibir turnasi va boshqalarning vatani hisoblanadi.

Uchrashuv doirasida O`zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi va BMT o`rtasida joriy yilning 23–28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Konvensiya Tomonlar konferensiyasining 14-yig`ilishini (CMS COP-14) o`tkazish to`g`risida Bitim imzolandi. 

Shuningdek, 1200 ga yaqin ishtirokchilar, konvensiyaga a`zo mamlakatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari, xalqaro ekologik tashkilotlar (IUCN, UNEP, GEF, WWF) rahbarlari, etakchi ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilayotgan global tadbirga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, konferensiya doirasida rasmiy va norasmiy tadbirlar, ko`rgazmalar tashkil etish masalalari haqida ham so`z yuritildi.

Uchrashuvda konferensiyaning rasmiy ochilish kunidan avval Konvensiya Doimiy qo`mitasining 54-yig`ilishi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yuqori darajadagi davra suhbatini tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Ma`lumot uchun, Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining avvalgi 13-yig`ilishi 2020-yilda Gandinagarda (Hindiston) bo`lib o`tgan. CMS COP ga Filippin, Ekvador, Italiya, Germaniya, Shveytsariya kabi davlatlar ham mezbonlik qilgan.

Mazkur tadbir mamlakatlarning tabiiy hududlarni boshqarishda transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish orqali migrasiya turlarini saqlash bo`yicha birgalikdagi sa`y-harakatlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etish kerakki, CMS COP-14 natijasida bir qator strategik ahamiyatga ega hujjatlar qabul qilinishi, yangi xalqaro tashabbuslar boshlanishi hamda yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlari va ularning yashash joylarini saqlash sohasida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari O`zbekistonning, xususan, Samarqand shahrining turizm salohiyati va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar