4 iyul kuni jinoyat ishlari bo`yicha Namangan tuman sudida 4 tup qimmatbaho sadaqayrag`och daraxtini kesgan fuqaroga hukm o`qildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
2 mart kuni Namangan tumani «O`lmas» mahallasida o`tkazilgan profilaktik qo`shma reydda fuqaro B.M. yoshi 100 yildan kam bo`lgan 4 tup qimmatbaho sadaqayrag`och daraxtini kesib yuborgani aniqlangan. Bu orqali o`simlik dunyosiga 326 850 000 so`m miqdorida zarar etkazilgan.
Fuqaroning harakatlarida jinoyat alomatlari borligi sababli ish hujjatlariga huquqiy baho berish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan. Tuman prokuraturasi tomonidan B.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o`rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o`simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Namangan tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisida ko`rib chiqilib, fuqaroga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, B.M.dan viloyat Ekologiya boshqarmasi foydasiga o`simlik dunyosiga etkazgan zararini undirish ham belgilangan.






