Ma`lumki, mamlakatimizda saylov o`tkazishning asosiy prinsiplaridan biri teng saylov huquqi hisoblanadi. Teng saylov huquqining mazmuni Saylov koleksining 5-moddasida batafsil bayon etilgan. Ya`ni teng saylov huquqi birinchi galda saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo`lishini anglatadi. O`zbekistonda saylov huquqi saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o`n sakkiz yoshga to`lgan barcha fuqarolar teng saylov huquqiga ega bo`ladilar.
Biroq sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og`ir va o`ta og`ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko`ra, ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin.
Teng saylov huquqi qanday ta`minlanadi?
Teng saylov huquqi fuqaroning saylovchilar ro`yxatiga kiritilishi yo`li bilan ta`minlanadi. Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o`n sakkiz yoshga to`lgan fuqarolar o`zlari doimiy yoki vaqtincha yashaydigan hududdagi saylov uchastkalari tomonidan tuziladigan saylovchilar ro`yxatiga kritiladi. Saylovchilar ro`yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug`ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.
Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning va ular
oila a`zolarining ro`yxati qanday shakllantiriladi?
Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek, harbiy xizmatchilar oila a`zolarining va boshqa saylovchilarning ro`yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma`lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo`yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro`yxatiga kiritiladi.
Sanatoriy, dam olish uylari, kasalxona va qamoqxonalarda
saylovchilar ro`yxatini shakllantirish tartibi
Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa stasionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo`yicha saylovchilar ro`yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma`lumotlar asosida tuziladi.
Chet eldagi fuqarolarni saylovchilar
ro`yxatlariga kiritish tartibi
O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro`yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar asosida tuziladi.
O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro`yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to`g`risida xabardor qiladi.
Saylovchilarning yagona elektron ro`yxati nima?
Saylovchilarning yagona elektron ro`yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o`z ichiga olgan davlat axborot resursidir.
Saylovchilarning yagona elektron ro`yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, saylov kampaniyasi davrida esa, tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.
Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro`yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro`yxatini oladi.
Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro`yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro`yxatidan o`zlariga tegishli ma`lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta`minlanadi.
Saylovchilarning ro`yxatidagi xato va noaniqliklar
qanday bartaraf etiladi?
Har bir fuqaro saylovchilarning ro`yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to`g`risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to`g`risida asoslantirilgan javob berishi shart.
Shunday qilib, saylovchilar ro`yxati saylov huquqiga ega bo`lgan har bir fuqaroning saylov huquqini amalda ta`minlash hamda kafolatlashga xizmat qiladi.
Farhod Primov,
IIV Akademiyasi kafedra boshlig`i.






