“Telegram” messenjerida soxta “PUBG” akkaunt sotish bilan fuqarolarni aldab kelgan shaxs qo`lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent shahar, Yashnobod tumanida yashovchi 24 yoshli R.R. murojaat qilib, o`z arizasida “Telegram” messenjerida “noma`lum shaxs” tomonidan 1.485.000 so`m miqdoridagi pullari firibgarlik yo`li bilan o`tkazib olinganligini ma`lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida yashovchi 33 yoshli M.I. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko`ra, M.I., R.R. bilan “Telegram” messenjerida tanishib, unga “PUBG” onlayn o`yinining kuchaytirilgan akkauntini sotishini aytgan va oldindan plastik kartasiga 1.485.000 pullarni o`tkazdirib olib, kelishilgan akkauntni bermasdan, yozishmalarni o`chirib yuborib, uni qora ro`yxatga kirgazib qo`yganligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan M.I.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, M.I. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.






