Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh O`zbekiston fuqarolari ishlash maqsadida Germaniyaga borib, qiyin ahvolda qolgani haqida video tarqaldi. Unda 300 ga yaqin yoshlar ishlash uchun borib sarson bo`lib yurgani, qaerga borishini bilmay bir necha kundan beri vokzalda tunayotgani aytilgan.
Ular Turon kompaniyasi tomonidan ishga yuborilgan. Har bir kishidan xizmat haqi uchun 7 00 dollardan 1 000 dollargacha olingan. Ularning aksariyati qarz-havola qilib kelgani, ishlashi lozimligi sabab ortga qaytishni xohlamayapti.
Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan e`lon qilingan dastlabki o`rganishlar natijasi e`lon qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, Turon World Cooperation xususiy bandlik agentligi MChJ vakillari o`zlariga tanish bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda 2023 yilning may—iyun oylarida Work and travel dasturi orqali Germaniyaga 102 nafar talabani jo`natgan. Ammo Germaniyaga etib borgan talabalarni ish bilan ta`minlashda muammolar yuzaga kelgan.
Vazirlik hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan o`rganish ishlari boshlangani, vaziyatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilinib, natijasi haqida qo`shimcha ma`lumot berilishini bildirdi.
Shu bilan birga fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish bilan shug`ullanish lisenziya talab etadigan faoliyat turi hisoblanishini eslatib, shunday lisenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ro`yxatini keltirib o`tgan. Unda Turon World Cooperation xususiy bandlik agentligiga lisenziya 2020 yil 25 noyabrda berilgani ko`rsatilgan. Tashqi mehnat migrasiya agentligi ushbu lisenziyaning amal qilish muddati 2022 yil 10 iyunda vaqtincha to`xtatilganini e`lon qilgandi.
Vazirlik xabarida qo`shimcha qilinishicha, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Germaniyaning NoVo Agency tashkiloti hamkorligida Work and travel dasturi doirasida 2023 yilda 310 nafar talaba Germaniyaga etib borib, ishga joylashgan, yana 39 nafarining viza olishi kutilmoqda, ushbu talabalar tomonidan bugungi kunga qadar murojaat kelib tushmagan.






