Atlantika okeani tubida "Titan" batiskafining qoldiqlari bilan birga odam qoldiqlari ham topildi. Bu haqda BBC AQSh Sohil xavfsizlik xizmatiga tayanib xabar berdi.
Rasmiylarning ta`kidlashicha, vayronalar orasidan suv osti kemasining qo`nish ramkasi va orqa qopqog`i topilgan.
Qayd etilishicha, Titan qoldiqlari suv ostida taxminan 12 500 fut (3 810 metr) va ''Titanik''dan taxminan 1 600 fut (488 metr) uzoqlikda okean tubida topilgan. Topilgan narsa va parchalar AQSh hamda Kanada hukumatining boshqa bir qator idoralari mutaxassislari tomonidan voqeaning barcha holatlarini o`rganish uchun AQShga olib kelingan.
Kanadaning Horizon Arctic kemasi Titanik halokati yaqinidagi okean tubida suv osti kemasi bo`laklarini qidirish uchun masofadan boshqariladigan maxsus suv osti mashinasidan (ROV) foydalangan.
Eslatib o`tamiz, 18 iyun kuni besh kishini o`z ichiga olgan suv osti kemasi mashhur kema ''Titanik''ka sayohat qilgan. Ammo, suvga sho`ng`ishdan taxminan 90 daqiqa o`tib, suv osti kemasi yo`qolib qolgan.
Mazkur sayohatni tashkil qilgan OceanGate rahbari, 61 yoshli Stokton Rush edi. Shuningdek, u bilan britaniyalik tadqiqotchi 58 yosh Hamish Xarding, fransuz g`avvosi 77 yoshli Pol-Genri Narjeolet, 48 yoshli biznesmen Shahzoda Dovud va uning o`g`li 19 yoshli Sulaymon Dovud bo`lgan.






