Ijtimoiy tarmoqlarda yuk avtomobili haydovchisi hamda yo`l-patrul xizmati xodimi tortishuvi aks etgan videotasvir tarqalib, jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab bo`ldi.
IIV JXD YHXX mazkur voqeaga rasmiy munosabat bildirdi.
Videotasvirda tushunilishicha, haydovchi YPX xodimidan "bodikamera"si ishlamayotgani, uni ishlatib qo`yganidan so`ng unga hujjat taqdim qilishini aytgan. Xodim esa u faqat kamera borligi uchun javob berishini, ishlash yoki ishlamasligi uchun javobgar emasligini aytadi.
Ayni paytda haydovchiga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma`lum qiladi.
Ma`lum qilinishicha, 2023 yil 26 iyun kuni soat 19:20 larda "Man" rusumli yuk avtomobili haydovchisi A-373 «Toshkent-O`sh» avtomobil yo`lining 193-kilometrida joylashgan vazn va hajm parametrlarini nazorat qiluvchi punktga kirmasdan yo`lida davom etganligi uchun «Chinor» postida YPX katta inspektori B.Ortiqov tomonidan to`xtash ishorasi berilganda to`xtamasdan harakatda davom ettirgan.
YPX xodimi B.Ortiqov xizmat avtomobilida mazkur haydovchining ortidan kuzatib borgan va A-373 avtomobil yo`lining 198-kilometrida to`xtatib, o`lchov punktiga nima sababdan kirmaganligini va me`yoriy hujjatlarini taqdim etishini haydovchidan so`ragan.
Haydovchi YPX xodimida mavjud bo`lgan bodikamera moslamasi bo`yicha e`tirozlar bildirib, hujjatlarini taqdim etishdan bosh tortgan va xodimning qonuniy talabini bajarmasdan avtomobilni boshqarib yo`lida davom etgan.
"Haydovchi 1995 yilda tug`ilgan O.A.ga nisbatan MJtKning 194-moddasi tartibida ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Rasmiylashtirilgan bayonnoma hamda to`plangan hujjatlar o`rnatilgan tartibda sud organlari tomonidan ko`rib chiqiladi", – deyiladi munosabatda.






