Prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo`lmagan shaxslarni tayinlash qoidasi harbiy prokuror va transport prokuroriga nisbatan ham tatbiq qilinmoqda.
Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi majlisi bo`lib o`tdi. Unda “Prokuratura to`g`risida”gi qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko`rib chiqildi.
Qayd etilishicha, harbiy prokuratura organlari faoliyati bilan bog`liq o`zgarishlar qonunchilikda to`liq o`z aksini topmagan. Mazkur qonun bilan ayrim masalalarni ijobiy hal etish ko`zda tutilgan.
Harbiy prokuratura organlarining Qurolli Kuchlar tizimida qonunchilik hujjatlariga so`zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, harbiy prokuratura organlariga xodimlarni harbiy xizmatga qabul qilish, lavozimidan ozod etish hamda harbiy unvonlar berishni tartibga soluvchi qo`shimchalar kiritilayotgani shular jumlasidandir.
Shuningdek, harbiy prokuror va transport prokuroriga nisbatan yosh senzi qo`llanilmoqda, ya`ni O`zbekiston bosh prokurori, Qoraqalpog`iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari hamda tumanlar, shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo`lmagan shaxslarni tayinlash qoidasi harbiy prokuror va transport prokuroriga nisbatan ham tatbiq qilinmoqda.
Senatorlarning fikricha, bu qonun mamlakat Qurolli Kuchlar tizimida qonuniylikni ta`minlashga, shu jumladan, Qurolli Kuchlar tizimida mamlakat xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta`minlashga doir qonuchilik hujjatlariga so`zsiz rioya etilishiga xizmat qiladi.






