AsosiyJamiyat

Samarqandda Xitoy davlati bilan hamkorlikda qon preparatlari ishlab chiqariladi

'Samarqandda Xitoy davlati bilan hamkorlikda qon preparatlari ishlab chiqariladi'ning rasmi

Keyingi yillarda yurtimizda noyob yurak operasiyalari, inson tana a`zolarini ko`chirib o`tkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo`lga qo`yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo`lgan ehtiyoj yanada ortdi.

Birgina misol. Bugun bitta jigar transplantasiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur. Shuning o`ziyoq qonning ahamiyati naqadar muhim ekanini ko`rsatadi.

Shu jihatdan olganda gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin bo`lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko`rsatish, ularni zarur qon komponentlari va dori vositalari bilan ta`minlash, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish dolzarb masalalardan biri.

SSV matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Sog`liqni saqalash vazirligida bo`lib o`tgan uchrashuvda Xitoyning “Xindeyuan Bioengineering” kompaniyasi vakillari bilan ayni shu masalada muzokara o`tkazildi.

Unda Samarqand viloyati “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 250 million dollarlik investisiyaviy loyihani amalga oshirish borasida muhim kelishuvga erishildi.

Ta`kidlash joizki, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq yurtimizda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish uchun 128 mlrd. so`m mablag` ajratilgan bo`lib, ushbu yo`nalishlarda qo`llaniladigan 67 turdagi dori vositalari va reagentlar mamlakatimizga asosan chetdan keltirilmoqda.

Samarqandda 15 gektar maydonda qad rostlaydigan qon preparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, Markaziy Osiyoda yagona bo`lishi kutilayotgan farmasevtika zavodi aholining bunday preparatlarga bo`lgan ehtiyojini qondirish, shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish orqali import hajmini kamayishiga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar