Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi yo`lladi.
Quyida ushbu tabrik matnini to`liq keltiramiz.
Muhtaram vatandoshlar!
Er yuzidagi jamiki islom ummati qatori mehr-muruvvat, ezgulik va saxovat ramzi – muborak Qurbon hayitini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, barcha yurtimiz musulmonlarini, butun xalqimizni ushbu ulug` ayyom bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o`zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g`oyat mamnunman.
Dillarimiz quvonchga to`lgan mana shunday qutlug` damlarda avvalo el-yurtimiz bilan birga Qurbon hayitiga tinch-omon etkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Ayni paytda bu muqaddas bayram mohiyatida mujassam bo`lgan tinchlik, do`stlik va hamkorlik, insonparvarlik g`oyalari bugungi kunda Yangi O`zbekistonda amalga oshirayotgan islohotlarimiz, ulkan maqsad va vazifalarimizga uyg`un va hamohang ekanini his etib, ko`ngillarimiz yanada shukuhga to`lmoqda.
Yurtimizdagi har bir mahalla, shahar va qishloqdagi tinchlik va obodlik, jamiyatimizdagi o`zaro hurmat, hamjihatlik va bag`rikenglik muhitini mustahkamlashda Qurbon hayiti singari azaliy bayram va qadriyatlarimizning o`rni va ta`siri tobora ortib bormoqda.
Fursatdan foydalanib, o`zining fidokorona va olijanob mehnati bilan hayotimizni yanada erkin va farovon qilish, inson qadrini ulug`lashdek ezgu ishlarga munosib hissa qo`shayotgan barcha aziz yurtdoshlarimizga chin dildan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Qadrli do`stlar!
Keyingi yillarda yurtimizda milliy va diniy qadriyatlarimizni rivojlantirish, vijdon va e`tiqod erkinligini ta`minlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotgani barchangizga yaxshi ma`lum, albatta.
Xususan, mo`min-musulmonlarimiz uchun yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar tufayli mana shu Qurbon hayiti kunlarida 15 ming nafar vatandoshimiz Makkai mukarramada muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda.
Ularning barchasini bugungi ulug` ayyom bilan qutlab, Vatanimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi, oilalarimiz, farzandlarimizning baxtu iqbolini tilab qilayotgan duolari ijobat bo`lishini Alloh taolodan so`rab qolamiz.
Hech shubhasiz, ko`p millatli va ko`p konfessiyali xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini ro`yobga chiqarish, go`zal yurtimizni yagona Vatan deb biladigan barcha millat va elat vakillarining urf-odat va an`analarini saqlash hamda rivojlantirishga biz bundan buyon ham alohida ahamiyat qaratamiz.
Ishonchim komil, barchamiz birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz bilan Yangi O`zbekistonni, millati, tili va dinidan qat`i nazar, har bir fuqaromiz tinch-osoyishta, erkin va farovon yashaydigan, tom ma`nodagi do`stlik va bag`rikenglik diyoriga aylantiramiz.
Mana shu munavvar lahzalarda dunyoning uzoq-yaqin hududlaridagi barcha mo`min-musulmonlarga samimiy tabriklarimizni yo`llab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va taraqqiyot tilaymiz.
Hurmatli vatandoshlar!
Keyingi yillarda shakllangan yaxshi an`anamizga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan bu yil ham bir necha kundan iborat dam olish kunlari belgilandi.
Bu xonadonlarimizga, hayotimizga Iyd al-adhoning ezgulik nuri, chinakam bayram kayfiyatini olib kirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Muqaddas maskanlar, ulug` ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilish, mo``tabar ota-onalarimiz, qarindosh-urug`larimiz, yoru birodarlarimizni yo`qlash, ko`mak va yordamga muhtojlar holidan xabar olish, yurtimiz bo`ylab sayohatlarni amalga oshirish uchun bu – yana bir qulay imkoniyat, desak, to`g`ri bo`ladi.
Siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni Qurbon hayiti bilan yana bir bor muborakbod etib, bayramni oila, do`stlar va yaqinlar bilan birga fayzli va mazmunli o`tkazishingizni tilayman.
Ilohim, barcha pok niyatlarimiz amalga oshsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo`lsin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o`zi qo`llab-quvvatlasin!
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti.






