2023 yilning 1 iyul kunidan boshlab qonunchilikda quyidagi o`zgarishlar bo`ladi:
Nodavlat futbol muassasalari uchun O`zbekiston futbol assosiasiyasi a`zosi bo`lishi talabi o`rnatiladi. O`zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan nodavlat futbol muassasalarining reytingi yuritiladi.
"Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi" tizimi joriy qilinadi
Shuningdek, chiqindi poligonlarini xususiylashtirish taqiqlanadi. "Chiqindilarni ommaviy yig`ish"(O`zPlogging) umummilliy harakati tashkil etiladi. Qattiq maishiy chiqindilarni to`plash, olib chiqib ketish bo`yicha aholiga ko`rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da`vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko`rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
"Yashil energiya" sertifikati tizimi
Elektrning qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi "yashil energiya" sertifikati tizimi "O`zbekgidroenergo" AJdagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
AKT xodimlarining malakasini oshirish
Qonunchilikka muvofiq, davlat organlarining AKT sohasiga mas`ul xodimlarining 3 yilda bir marta malakasini oshirish yo`lga qo`yiladi.
Hunarmandchilik mahsulotlarining eksportida 50% chegirma
Qonunchilikka muvofiq, hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik jo`natmalari sifatida jo`natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo`natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo`lmagan qismi qoplab beriladi, davlat mulki bo`lgan moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug`ullanish uchun faqat Milliy katalog va Reestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etiladi.
“Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi"
"O`zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi" joriy etiladi. Bunda:
— stipendiya miqdori mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanadi;
— mazkur stipendiya tayinlangan sportchilarga Prezidentning tegishli qarorida belgilangan tartibda o`zini o`zi band qilish huquqi beriladi.
Shuningdek, sportchi identifikasiya kartalari uchun to`lovlar miqdori uch barobarga kamaytirilib, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilanadi.






