Prezidentning 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan jurnalistlarga tabrigi e`lon qilindi.
"Bu ayyom nafaqat o`z hayotini shu sohaga bag`ishlagan fidoyi insonlar, balki ularning mashaqqatli ijod va mehnat mahsulidan bahramand bo`ladigan millionlab mushtariylar, tinglovchi va tomoshabinlar, butun jamiyatimiz uchun ham qadrlidir.
Mana shunday kunlarda milliy matbuotimizning tamal toshini qo`ygan jadid bobolarimizning: “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo`lida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko`zgu bo`lmog`i lozim” degan fikrlari hozirgi kunimiz uchun ham g`oyat muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidlashimiz tabiiydir.
Ma`rifatparvar ajdodlarimizning bu olijanob orzu-intilishlari faqatgina mustaqilligimiz tufayli ro`yobga chiqdi", - deydi davlat rahbari.
Prezident tabrigida keyingi yillarda yurtimizda ro`y berayotgan tarixiy o`zgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratilganiga urg`u berilgan.
Ma`lumot uchun: Hozirgi kunda yurtimizda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 ta ko`p ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari, internet nashrlari soni 745 taga etgan.
Davlat rahbari axborot xizmatlari yo`lga qo`yilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli ta`sir ko`rsatganini qayd etadi.
"Bugungi shiddatli davrning o`zi barcha sohalar qatori axborot yo`nalishida ham oldimizga o`ta dolzarb vazifalarni qo`ymoqda.
Hozirgi vaqtda er yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan bo`lsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham borligi va ular tobora kuchayib borayotganidan ko`z yumolmaymiz.
Dunyoning ayrim mintaqa va hududlarida ommaviy axborot vositalari muayyan siyosiy kuchlar qo`lida informasion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalg`itishga, oqni – qora, qorani – oq deb ko`rsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etishga to`g`ri keladi.
Axborot makonidagi ustunlik ko`p narsani hal etadigan bugungi murakkab vaziyatda xalqimiz siz, azizlarni demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi bo`lgan xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi prinsiplarga amal qilib, o`z bilim va salohiyati, o`tkir qalami va haroratli so`zi bilan jamoatchilikka ijtimoiy jarayonlar mohiyatini anglab etishga ko`maklashadigan, ularni buzg`unchi axborot xurujlaridan himoya qiladigan fidoyi insonlar deb biladi.
Biz jamiyat hayotida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, byurokratiya va korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashishda, avvalo, siz hurmatli jurnalist va blogerlar, ayniqsa, milliy media makonimizga yangi g`oya va tashabbuslar bilan kirib kelayotgan iste`dodli yoshlarimizga tayanamiz.
Shu bois keng miqyosda fikrlaydigan, ona tili bilan bir qatorda xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarini puxta o`zlashtirgan, yuksak malakali, vatanparvar jurnalist kadrlarni tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti, O`zbekiston Milliy universiteti, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti kabi ta`lim muassasalarida jurnalistika yo`nalishi bo`yicha yuzlab mutaxassislar tayyorlanayotgani ham shundan dalolat beradi.
Biz Yangi O`zbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish vazifasini o`z oldimizga qo`ygan ekanmiz, bu boradagi milliy an`analarimiz bilan birga rivojlangan davlatlar tajribasini ham har tomonlama o`rganishimiz, ommaviy axborot vositalari bo`yicha dunyodagi etakchi oliygohlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va media kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishimizni hayotning o`zi talab etmoqda.
Shu sababli ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish bundan buyon ham e`tiborimiz markazida bo`lib qoladi.
Bu sohada oldimizda turgan vazifalarni aniq belgilab olish va amalga oshirishda hozirgi vaqtda O`zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan tayyorlanayotgan Milliy ma`ruza katta amaliy ahamiyat kasb etadi, deb ishonaman", - deyiladi tabrikda.






