AsosiyJamiyat

Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzaev "Yashil energetika Strategiyasi"ni qabul qilish taklifini ilgari surdi

'Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzaev "Yashil energetika Strategiyasi"ni qabul qilish taklifini ilgari surdi'ning rasmi

O`zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzaev saylovchilar bilan uchrashuvini Toshkent viloyatida davom ettirdi, deya xabar bermoqda O`zbekiston Ekologik partiyasi Axborot xizmati. 

Ma`lum qilinishicha, Olmaliq shahridagi madaniyat saroyida bo`lib o`tgan uchrashuvda Abdushukur Xamzaev saylovchilarni o`z saylovoldi dasturidagi muhim yo`nalishlar bilan tanishtirib o`tgan. 

Shuningdek, nomzod o`z ma`ruzasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholi uchun qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratish masalalariga to`xtalib o`tdi.

Shu o`rinda Toshkent viloyatining qator hududlarida kanalizasiya va suv tozalagich inshootlari va chiqindilar bilan bog`liq ko`plab muammolar mavjudligi, bu esa tabiiyki, viloyat aholisiga turli noqulayliklar keltirayotgani Ekologik partiya tomonidan esa shu kabi masalalar hisobga olinib, aholini toza ichimlik suv bilan ta`minlash, oqova suv tarmoqlarini rivojlantirish, atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlashni rag`batlantirishga qaratilgan davlat siyosatini yuritish taklifi ilgari surilayotgani aytildi.

Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy islohotlar olib borish, bu borada:

– aholining, ayniqsa, qishloq joylarda yashayotgan fuqarolarni toza ichimlik suv ta`minotini yaxshilash;

– qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish tizimini joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

– aholi yashash punktlarida badbo`y hid chiqarayotgan, lokal oqova suv tozalash inshootlari bo`lmagan har qanday korxona faoliyatini belgilangan talablarga javob beradigan texnologiyalar joriy etilmaguncha to`xtatish taklif etilayotgani ta`kidlandi.

Bundan tashqari, oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo`lgan Angren, Guliston, Samarqand, Jizzax, Urganch, Nukus, Andijon, Chirchiq va Toshkent shaharlaridagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizasiya qilish hamda yangilarini qurish choralari ko`rilishi ma`lum qilindi.

Shuningdek, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo`nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi“ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika Strategiyasi”ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a`zo bo`lish kabi takliflarga alohida to`xtalib o`tildi.

Ochiq muloqot tarzida o`tgan mazkur uchrashuvda ishtirokchilar nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha o`z takliflarini bildirish bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek muhim maqsadlarga erishishda O`zbekiston Ekologik partiyasini qo`llab quvvatlashlarini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar