O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan 9 iyul kuni bo`lib o`tadigan muddatidan ilgari Prezident saylovlarida boshqa davlatlarda yashovchi vatandoshlarning konstitusiyaviy huquqlarini amalga oshirishni ta`minlash maqsadida mamlakatimizning xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta uchastka saylov komissiyasi faoliyat ko`rsatmoqda, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA.
Saylov uchastkalari ishini elchixonalar maslahatchilari va xodimlari, konsullar hamda vatandoshlar amalga oshiradi.
Axborot agentligi tomonidan xorijiy davlatlarda tuzilgan saylov uchastkalari manzillari ko`rsatilgan interaktiv xaritasi ishlab chiqildi. Ovoz berish uchun eng yaqin saylov uchastkasi haqidagi ma`lumotni yuqorida ko`rsatilgan havoladan olishingiz mumkin.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Konstitusiyaviy qonuni loyihasi bo`yicha o`tkazilgan referendum chog`ida «Dunyo» axborot agentligi tomonidan ishlab chiqilgan interaktiv xaritasidan xorijdagi yuz minglab fuqarolarimiz foydalangan edi.






