AsosiyJamiyat

Muhim jarayon, ovoz berish natijalari qanday hisoblanadi?

'Muhim jarayon, ovoz berish natijalari qanday hisoblanadi?'ning rasmi

Saylov natijalarini aniqlash saylov jarayonining eng muhim bosqichi hisoblanadi. Chunki shu bosqich orqali nomzodlarga berilgan ovozlar soni aniqlashtiriladi. Mazkur jarayonda oshkorolik, adolatlilik, qonuniylik tamoyillari muhim ahamiyatga ega bo`ladi. Saylov kampaniyasi davrida 
2 oylik vaqt mobaynida qilingan tayyorgarlikning natijasi ushbu bosqichda namoyon bo`ladi. Biz ko`rib chiqadigan masalalar Saylov kodeksining, shuningdek, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to`g`risida”gi nizom talablari bilan tartibga solinadi.

 Ovoz berish tugaganligi qanday e`lon qilinadi?

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to`g`risidagi nizomning 75-bandiga asosan, chastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o`rinbosari soat 20:00 da ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha a`zolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida e`lon qiladi.

Misol tariqasida, Qozog`iston Respublikasining Saylovlar to`g`risidagi qonunining 38- moddasiga ko`ra ham Prezident saylovlarida ovoz berish soat 20:00 da tugaydi.

E`tibor qarataylik, agar, ovoz berish kuni USK raisi tomonidan ovoz berish tugaganligini rasmiy e`lon qilganidan keyin, mabodo saylov uchastkasi binosida ovoz bermagan saylovchilar qolib ketgan bo`lsa, ushbu saylovchilarga ovoz berish uchun imkoniyat beriladi, ya`ni ularning ovoz berish huquqi ta`minlanadi.

Ammo shunday saylov uchastkalari borki, agar ulardagi uchastkalarda ro`yxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib bo`lgan bo`lsa, uchastka saylov komissiyasi ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda e`lon qilishi mumkin.

Bular: O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida; harbiy qismlarda; sanatoriylarda; dam olish uylarida; kasalxonalar va boshqa stasionar davolash muassasalarida; olis va borish qiyin bo`lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda; qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida.

Saylovchilar ovozlarini sanab chiqishda kimlar ishtirok etishi mumkin!

Saylovchilar ovozlarini sanab chiqish uchastka saylov komissiyasi a`zolari tomonidan saylov qutilarida mavjud saylov byulletenlari bo`yicha amalga oshiriladi. Qonunchilikdagi juda muhim qoida shundaki, saylovchilar ovozlarini sanab chiqish faqatgina ovoz berish binosida o`tkaziladi.

Ovozlarni sanab chiqish jarayonida uchastka saylov komissiyasi a`zolaridan tashqari yana kimlar ishtirok etishi mumkin degan savol tug`ilishi tabiiy? Javob tariqasida, uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovozlarni sanab chiqish, ovozlarni sanab chiqish natijalari to`g`risidagi bayonnomalarni to`ldirish jarayonida quyidagilar ishtirok etishi mumkin: siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari; ommaviy axborot vositalari vakillari; fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari; boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar.

Uchastka saylov komissiyasi a`zolarining ovoz berish tugagach, amalga oshiradigan vazifalari

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to`g`risida”gi nizomning 80-bandiga asosan, uchastka saylov komissiyasi a`zolari ovoz berish tugaganidan so`ng qonunchilikda belgilangan 11 ta harakatlar ketma-ketligida vazifalarni amalga oshiradi. Misol tariqasida, 10-harakat sifatida, har bir nomzod bo`yicha berilgan ovozlar alohida-alohida sanab chiqiladi va har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni aniqlanadi hamda yakuniy bayonnomaga kiritiladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga har bir nomzod uchun ovoz berilgan saylov byulletenlari alohida-alohida bog`lam qilib o`raladi. Bog`lamda nomzodning ismi, familiyasi va otasining ismi yozilib, ovozlar soni ko`rsatiladi.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari to`g`risidagi bayonnomani shakllantirish tartibi qanday?

Zarur harakatlar amalga oshirilgach, komissiya yakuniy majlis o`tkazadi, unda ovoz berish va saylovchilar ovozlarini sanab chiqish vaqtida yo`l qo`yilgan qonunbuzilishlar haqidagi shikoyat hamda arizalar ko`rib chiqiladi.

Shundan keyin komissiya raisi, rais o`rinbosari, kotibi va boshqa a`zolar tomonidan ovozlarni sanab chiqish natijalari haqidagi bayonnoma ikki nusxada to`ldiriladi, imzolanadi va uchastka saylov komissiyasi muhri bilan tasdiqlanadi. Ovozlarni sanab chiqish natijalari to`g`risidagi bayonnomaga biror-bir tarzda o`zgartirish kiritishga yo`l qo`yilmaydi. Agar ovozlarni sanab chiqish natijalari to`g`risidagi bayonnomani to`ldirish vaqtida komissiyaning ayrim a`zolari ishtirok etmasalar, bu haqda bayonnomada ularning ishtirok etmaganlik sabablari ko`rsatib o`tiladi. Ovozlarni sanab chiqish natijalari to`g`risidagi bayonnomani imzolash vaqtida bayonnoma mazmuni yuzasidan norozi bo`lgan komissiya a`zosi o`z fikrini bayonnomaga alohida ilova qilishga haqli, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.

 Xulosa o`rnida aytish mumkinki, saylovlar jarayonida ovoz berish natijalarini hisoblash va natijalarini tahlil qilish saylovlarning eng muhim bosqichidir.          

Sherzod Zulfiqorov ,

O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert guruhi a`zosi

    Boshqa yangiliklar