O`zLiDePdan ko`rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturida qonun ustuvorligini ta`minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish bo`yicha quyidagi tashabbuslar ilgari surilmoqda:
Davlat boshqaruvi sohasidagi tashabbuslar
Avvalo, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish prinsipini hayotga jadal olib kirish nazarda tutilmoqda. Buning uchun:
Birinchidan, raqamlashtirishni yanada kengaytirish orqali, ortiqcha yugur-yugurlar, tanish bilishchilik va hujjatbozlikka barham berilishi taklif etilmoqda.
Davlat xizmatlari to`liq elektron shaklga o`tkazilib, davlat boshqaruvida mavjud bo`lgan minglab funksiyalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish aholi uchun yangi qulayliklarni yaratilish nazarda tutilmoqda. Endilikda fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat qilishida arizani yozish, turli shakllarni to`ldirish kabi ortiqcha formal tartiblar bekor qilinib, davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron bazadan o`zi oladigan tizim yaratilishi nazarda tutilmoqda.
Ikkinchidan, ma`muriy islohotlarning keyingi bosqichiga o`tish va bu bosqichda joylardagi boshqaruvni o`zgartirib, mahalliy kengashni xalqning chinakam ovoziga aylantirish taklif etilmoqda. Kelgusida hokimning mahalliy kengashlarga rahbarlik vakolati bekor qilinishi, ularning mahalliy kengash oldida, xalq oldida hisobdor bo`lishi nazarda tutilmoqda.
Agarda mahalliy davlat hokimiyati organlari samarali faoliyat yuritadigan bo`lsa asosiy masalalar joyining o`zida hal bo`ladi. Odamlar viloyat markazi va poytaxtga kelib o`z muammolarining echimini izlab sarson bo`lib yurmaydi.
Uchinchidan, aholi farovonligini ta`minlashda mahallani jamoatchilik va davlat organlari o`rtasidagi “tayanch ko`prik”ka aylantirish nazarda tutilmoqda.
Mahallalar o`zbek jamiyatida xalqqa eng yaqin tuzilma hisoblanadi. Odamlarning asosiy muammolari mahallada hal bo`ladi. Ularning to`y va ta`ziyalari, barcha yaxshi va yomon kunlari mahalla ahli bilan birga o`tadi. Mahallaga hozir ko`plab vakolatlar berilmoqda. Ammo mahallaning o`z byudjeti bo`lmasa uning bu vakolarni samarali amalga oshirishda muammolar paydo bo`lmoqda. Nega deganda ko`p narsalar pulga borib taqaladi. Shu sababli Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturida mol-mulk va er soliqlari mahallada qolishi hisobiga, mahalla byudjetida yiliga 3 trillion so`m mablag` hosil qilish to`g`risidagi tashabbuslari e`tiborli.
Yana bir masala bugun ko`chalar, ko`priklar, maktablar va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega ob`ektlar uchun joriy etilgan “Ochiq byudjet”ga beriladigan mablag`ni kelgusi yillarda 3 karra oshirib, 24 trillion so`mga etkazish taklif etilmoqda.
Byudjet xalqning puli, uni sarflashda xalqning ishtiroki ham yuqori bo`lishi kerak. Odamlarga byudjet pulini qaerga sarflash kerakligini o`zlari hal qilish bo`yticha ko`proq imkoniyatlar berilishi rasional taklifdir.
Shu bilan birga mahalla raislarining vakolat muddatini 3 yildan 5 yilga uzaytirish to`g`risidagi tashabbusda ham jon bor. Chunki, endilikda mahallaning vakolatlari kengaymoqda, unga byudjet berilmoqda. Shunday ekan mahlla raisi uchun uch yillik mandat kamlik qiladi.
To`rtinchidan, ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo`lgan huquqlarini qat`iy kafolatlash taklif etilmoqda.
Hozirgi kunda odamlarning huquqiy va siyosiy qarashlari o`zgarib bormoqda. Bugungi jamiyat besh – o`n yil oldingi jamiyat emas. Ayniqsa odamlar ochiqlikning mevasini totib ko`rib uning naqadar muhimligini juda yaxshi tushunib qolishdi. Qolversa ochiqlik davlat uchun ham foydali. Ochiqlik sog`lom hukumatni yaratadi. Mutasaddilarni qonun va xalq oldida mas`ul va hisobdor qiladi.
Sud-huquq tizimi islohotlari bo`yicha tashabbuslar
Shavkat Mirziyoevning saylov oldi dasturida qonun ustuvorligi, sud mustaqilligini oshirish va adolatni ta`minlashni ustuvor vazifa deb hisoblanmoqda.
Shavkat Mirziyoevning saylov oldi dasturida sud-huquq tizimi islohotlari bo`yicha tashabbuslar ilgari surilmoqda:
Birinchidan, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o`rnatib, odil sudlovga erishish darajasini oshirish taklif etilmoqda.
Odamlarni “qamoqqa olib tergov qilish” amaliyoti kamaytirib buning o`rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish imkoniyati yaratish taklif etilmoqda. Shu sababli gumonlanayotgan shaxsni ochiqda qolish imkoniyatini oshirish juda muhim. Bu esa shaxsni qilmagan jinoyatini “o`z ixtiyoriga ko`ra bo`yniga olishi”dan asraydi.
Ikkinchidan, jinoyat ishi qo`zg`atish va jazo berish bo`yicha yondashuvlarni qayta ko`rib chiqish taklif etilmoqda. Jabrlanuvchining iltimosiga asosan jinoyat ishini qo`zg`atmasdan ham yarashish imkoniyati yaratilishi nazarda tutilmoqda. Ko`p hollarda shunday bo`ladiki, jabrlanuvchi da`vodan voz kechadi va aybdor bilan yarashib oladi. Ammo baribir tergov va sud bo`ladi. Bunday mantiqsizliklar odamlarning tinkasini quritib, ularning tergov va sud idoralari eshigi oldida sarson bo`lishlariga sabab bo`lmoqda.
Uchinchidan, tadbirkorlar uchun jinoiy javobgarlikka oid qonunchilikni ham yanada liberallashtirish taklif etilmoqda.
Soliqqa oid jinoyatlar bo`yicha tadbirkor sud hukmi chiqqunga qadar zararni qoplasa, javobgarlikdan ozod etish tartibi joriy etilishi taklif etilmoqda. Chindan ham nima keragi bor zararni qoplagan tadbirkorni javobgarlikka tortishning. Axir asosiy masala etkazilgan zarar qoplandiku.
Shunday qilib, Shavkat Mirziyoevning xalqparvar davlat barpo etish hamda qonun ustuvorligini ta`minlash bo`yicha tashabbuslari quyidagi jihatlari bilan ahamiyatli:
Birinchidan, yuqorida bildirilgan tashbbuslar jamiyatimizda og`riqli bo`lgan hamda fuqarolar va tadbirkorlarni qiynab kelayotgan tizimli muammolarga echim bo`ladi;
Ikkinchidan, mazkur tashabbuslar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo`nalishlariga to`la mos keladi;
Uchinchidan, ushbu tashabbuslarni chindan ham amalga oshirishning imkonlit ekanligi ularning hayotiy ekanligini anglatadi.
Farxod Primov,
IIV Akademiyasi kafedra boshlig`i






