Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida ochiqlikka oid qonun hujjatlariga rioya etilishi, shu jumladan, ochiq ma`lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo`lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlarning belgilangan muddatlarda va resurslarda e`lon qilinishi monitoring qilindi.
O`rganish davomida davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksida faoliyati “qizil” toifada baholangan 27 ta davlat organlari va tashkilotlariga alohida e`tibor qaratildi.
Natijalariga ko`ra, Jizzax, Sirdaryo va Andijon viloyatlari hokimliklariga, shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, “Aloqabank” ATB, “O`zavtosanoat” AJlarga ochiqlikni ta`minlash sohasida yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda xizmat vazifalariga mas`uliyasizlik bilan yondashgan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasini qo`llash to`g`risida taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risidagi qonunchilikni buzganlik uchun O`zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mansabdor shaxsiga nisbatan MJtKning 215-7-moddasi bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko`rib chiqish uchun sudga yuborildi.






