DXX uch hududda fuqarolarni aldab, ularning ishonchiga kirib, AQShga jo`natish evaziga katta miqdorda pul undirgan shaxslarni qo`lga oldi.
Xususan, DXXning Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahrida yashovchi, 1980 yilda tug`ilgan shaxs o`zganing ishonchiga kirib, 30 ming AQSh dollari evaziga tanishlari orqali uni Amerika Qo`shma Shtatlariga yuborishini aytib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yashovchi, 1996 yilda tug`ilgan shaxs Jizzax viloyatining Do`stlik tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 yilda tug`ilgan fuqaroning ishonchiga qirib, tanishlari yordamida uni Qo`shma Shtatlarga yuborish evaziga 21 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX Jizzax viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda G`allaorol tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda, u 10 ming AQSh dollari va 100 mln. so`m olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent shahrida qayd etilgan holatda, nufuzli universitetlardan birining talabasi yuqori tashkilotda ishlovchi tanishlari orqali Jizzax viloyatining Mirzacho`l tumanida yashovchi fuqaroni Amerikaga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.
Ta`kidlash lozimki, har uchchala holatda fuqarolarga «O`zbekiston – Turkiya – Evropa – Meksika – AQSh» yo`nalishida Qo`shma Shtatlarga ishlash uchun yuborish va`da qilingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






