AsosiyJamiyat

Jenevada O`zbekistonning JSTga a`zo bo`lishi bo`yicha yig`ilish o`tkazilmoqda

'Jenevada O`zbekistonning JSTga a`zo bo`lishi bo`yicha yig`ilish o`tkazilmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Jamshid Xodjaev boshchiligidagi delegasiya Shveysariyaning Jeneva shahrida amaliy tashrif bilan bo`lib turibdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Shu vaqtga qadar tashrif kun tartibi bo`yicha xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o`tkazildi.

Xususan, 2023-yil 14-mart kuni Bosh vazir o`rinbosari J.Xodjaev Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan muzokaralar o`tkazdi.

Uchrashuv chog`ida O`zbekistonning JSTga a`zo bo`lish jarayonini tezlashtirish masalalari, jumladan, joriy yilning 14-15 mart kunlari Ishchi guruhning 6-yig`ilishini o`tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mamlakatimizning Tashkilotga a`zo bo`lishini jadallashtirish maqsadida JSTga a`zo barcha davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozorlariga kirib borish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni faollashtirish va ularning yakunlari bo`yicha tegishli bayonnomalarni imzolash zarurligi qayd etildi.

JST Bosh direktori O`zbekiston hukumatining respublikaning JSTga a`zo bo`lish jarayoni doirasidagi sa`y-harakatlarini, shu jumladan, yirik a`zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borayotganini olqishladi. Uning so`zlariga ko`ra, O`zbekistonning faol tashabbuskorligi tufayli Tashkilot bilan hamkorlik ijobiy dinamikaga ega bo`ldi.

Ayni paytda O`zbekistonning JSTga a`zo bo`lishi bo`yicha Ishchi guruhining 6-yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. 2 kun davomida bo`lib o`tadigan mazkur yig`ilishda respublika savdo rejimining barcha jihatlariga taalluqli 10 dan ortiq yangi hujjatlar ko`rib chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar