Sog`liqni saqlash vazirligi bloger F.Mannopov vafoti yuzasidan “OMAD PLYUS” MChJga qarashli “StarMedSentr” klinikasida tekshiruvlar olib borilayotganini, shu sababli muassasa faoliyati vaqtincha to`xtatilganini ma`lum qilgan edi.
Shundan so`ng ayrim internet nashrlarida mazkur xususiy klinika hali ham ishlayotgani, vazirlik esa jamoatchilikka noto`g`ri axborot taqdim etgani yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Sog`liqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida tibbiy faoliyat uchun lisenziya berish jarayonini tashkil etishda “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida belgilangan prinsiplarga, xususan, fuqarolar hayoti va sog`lig`ini saqlashning, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligiga amal qilgan holda lisenziatlar tomonidan lisenziya talablariga to`liq muvofiqlik ta`minlanishini nazorat qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda ayni paytda vazirlik tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro F.Mannopov vafoti yuzasidan poytaxtimizdagi “StarMedSentr” klinikasida o`rganish ishlarini olib bormoqda. Dastlabki tekshiruv ma`lumotlariga ko`ra, mazkur tibbiyot muassasasida bir qator lisenziya talab va shartlariga nomuvofiqliklar aniqlangan.
Shu bois Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash tartibi to`g`risida yagona nizom”ning 40-bandiga asoslanib, vazirlikning joriy yil 11 martdagi 33-06795-sonli qarori bilan “OMAD PLYUS” MChJga 2021 yil 16 fevralda tibbiy faoliyat uchun berilgan 27390032-sonli lisenziya talablari va shartlari buzilganligi hamda kelgusida salbiy oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida vaqtincha to`xtatilgan.
Bu haqdagi ma`lumot esa vazirlikning 33-06793-sonli xati bilan shu yil 11 mart kuni mazkur klinikaning elektron shaxsiy kabineti va telefon raqamiga SMS orqali yuborilgan. Qolaversa, 13 mart kuni tegishli hujjatlar qog`oz shaklida takroran klinikaning pochta va faoliyat manziliga jo`natilgan.
Qolaversa, Adliya vazirligining mazkur reestrida ham ushbu tashkilotning lisenziyasi to`xtatilganligini ko`rish mumkin.
Sog`liqni saqlash vazirligining tegishli qarori bilan “OMAD PLYUS” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ushbu xususiy tibbiyot muassasasi 2023 yil 14 mart kunidan boshlab, 10 kun muddatga o`z faoliyatini to`xtatganini vazirlikka ma`lum qildi.






