Elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish o`g`rilik deb belgilandi. Qonun (O`RQ–822-son, 13.03.2023 y.) bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra:
- umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o`zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast etkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko`rsatkichlarini o`zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo`li bilan talon-toroj qilish o`g`rilik deb belgilandi hamda mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo`llanilishi mumkin.
- ️ Shuningdek, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, ushbu huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etgan shaxslarga quyidagi ma`muriy jazo choralari qo`llanilishi mumkin:
- ️BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln so`mdan 6 mln so`mgacha) miqdorda jarima;
- yoki 15 sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olish.






