Prezident Shavkat Mirziyoev Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi “Termez National Carpets” mas`uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Korxona yiliga 2,2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Belgiya, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o`rnatilgan. 150 ta yangi ish o`rni yaratilgan.
Mahsulotlarning qariyb yarmini eksport qilish rejalashtirilgan. Xomashyoning 80 foizi mahalliylashtirilgan. Korxona ishga tushirilgan qisqa vaqtda Ozarbayjon va Qirg`iziston davlatlariga 255 ming dollarlik gilam va gilam mahsulotlari eksport qilindi. Joriy yilda 4 million dollarlik mahsulotni xorijlik buyurtmachilariga etkazib berish mo`ljallamoqda.
Muhimi, korxonada muqobil energiyadan foydalanishga alohida e`tibor berilmoqda. Hozirda tashqi va ichki yortish tizimi uchun quyosh panellaridan foydalanilmoqda.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko`rgazmasini ko`zdan kechirdi.
Shu erda 6 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish marosimi bo`ldi. Termiz shahridagi “Indenim Cluster”, Jarqo`rg`on tumanidagi “Fabullo stroy servis”, Angor tumanidagi “Angor Baraka”, Termiz tumanidagi “Termiz agro impeks” korxonalari, Sariosiyo tumanidagi qurilish materiallari kichik sanoat zonasi va To`palang gidro elektr stansiyasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.
Termiz shahridagi “Indenim Cluster” mas`uliyati cheklangan jamiyati paxta tolasidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 400 ta yangi ish o`rni tashkil etilgan.
Jarqo`rg`on tumanidagi “Fabullo stroy servis” korxonasida yiliga 75 ming kub metr avtoklav gazoblok ishlab chiqarish o`zlashtirilib, 80 ta yangi ish o`rni tashkil etildi.
Angor tumanidagi “Angor Baraka” mas`uliyati cheklangan jamiyati savdo majmuasida milliy hunarmandchilik markazi tashkil etilgan. U erda yiliga qariyb 125 ming dona tayyor tikuvchilik, 50 turdagi milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlanib, ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta`minlanadi.
Sariosiyo tumanidagi kichik sanoat zonasida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqariladi.
“Termiz agro impeks” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Termiz tumanida 3 ming tonna sig`imga ega muzlatkichli omborxona, zamonaviy issiqxona barpo etilib, 220 kishining bandligini ta`minlagan.
To`palang gidro elektr stansiyasini modernizasiya qilish loyihasi doirasida uning umumiy quvvati 175 megavattga etmoqda. Bu yiliga 467 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkonini beradi.
Umuman, mazkur 6 ta korxona 2 mingta yangi ish o`rni yaratadi, ularning faoliyati tufayli viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard so`m, eksportiga 20 million dollar qo`shiladi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.






