2023 yil 10 fevral kuni soat 11:15 da To`raqo`rg`on tumani IIBga 21 yoshli B.M. qo`ng`iroq qilib, noma`lum shaxs To`raqo`rg`on tumani Hamroh ko`chasida joylashgan xonadoniga yuziga niqob taqqan holda kirib, uni va 1 yoshli qizini o`ldirish bilan qo`rqitib, hayot va sog`lik uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, qo`lida bo`lgan pichoq bilan uning bo`yin qismiga jarohat etkazganligini aytadi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Shuningdek, u uyida bo`lgan narxi 19 mln. 200 ming so`mlik tilla-taqinchoqlarini bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritib voqea joyidan yashiringanligi haqida xabar berib, noma`lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rishni va olib ketilgan tilla-taqinchoqlarini qaytarishda amaliy yordam berishni so`ragan.
Mazkur holat yuzasidan To`raqo`rg`on tuman IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida jabrlanuvchi B.M. turmush o`rtog`ining e`tiborini o`ziga jalb qilish maqsadida, shu kuni xonadonida hech kim yo`qligidan foydalanib, barcha xonalarini titib tashlab, birga yashovchi qaynonasi yotoqxonasidan 19 mln. 200 ming so`mlik tilla-taqinchoqlarini yashirib qo`yadi. Bo`yniga igna orqali jarhot etkazib, go`yoki yashash xonadoniga noma`lum shaxs g`ayriqonuniy ravishda kirib, pichoq bilan o`zi va chaqalog`ini o`ldirish bilan qo`rqitib, tilla taqinchoqlarni olib ketganligi haqida To`raqo`rg`on tumani IIBga yolg`on xabar berganligi aniqlangan.
B.M.ning yashash xonadoni ko`zdan kechirilganda o`zi tomonidan yashirilgan tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan B.M. O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksning 237-moddasi 2-qismi “g” bandi (o`ta og`ir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan yolg`on xabar berish) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlov organiga yuborish masalasini hal etish uchun To`raqo`rg`on tuman prokuraturasiga yuborilgan.






