“Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo`lida halok bo`lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a`zolarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Farmon matni O`zAda e`lon qilindi.
Hujjatga muvofiq 2023 yil 1 apreldan boshlab:
halok bo`lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a`zolariga biryo`la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo`yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig`indisining 150 baravari miqdorida;
harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug`urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo`lganda to`lanadigan sug`urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo`lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo`shimcha manbalari hisobidan halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a`zolariga har oy to`lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi beriladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 maydan boshlab:
oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a`zosiga boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta`minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
oila a`zolari (ota-onasi, turmush o`rtog`i, 23 yoshga to`lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo`lsa, o`sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan ozod etiladi;
belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta`minlanadi;
qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinadi;
halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o`rtog`i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog`ida bo`lgan ota-onasidan biriga Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensasiyasini to`lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turarjoy bo`lmagan taqdirda).
Shunday tartib o`rnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 iyundan boshlab:
halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta`lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta`lim muassasalarida davlat granti asosida qo`shimcha kvotalar bo`yicha ta`lim olishi ta`minlanadi;
halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo`l va havo yo`lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.
Halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a`zolariga:
ushbu halok bo`lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o`tagan mas`ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;
yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan davlat budjeti mablag`lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko`rsatiladi;
navbatdagi yillik mehnat ta`tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo`shimcha ta`til olish huquqi beriladi.
Mas`ul vazirlik va idoralar davlat budjetidan ularga ajratilgan mablag`lar va budjetdan tashqari manbalari hisobidan halok bo`lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a`zolari uchun ularning murojaatlariga asosan quyidagilar ta`minlanadi:
O`zbekiston hududidagi sanatoriy-kurort muassasalari va bolalarni sog`lomlashtirish oromgohlarida yiliga bir marta bepul sog`lomlashtirish;
shifokorlarning reseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarini (yiliga bir marta), tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalarini olib berish hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlarini qoplash;
og`ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo`lganlarga shifokorlarning reseptlariga muvofiq, yiliga bir marta dori vositalarining 50 foizigacha bo`lgan summasini kompensasiya qilish.
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O`zbekiston Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo`mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi har bir halok bo`lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oilasini otaliqqa oladi.






