Buxoro shahrida jamoat transportida qizbolaga tegajog`lik qilgan yigit haqida xabarlar tarqalgani hamda Buxoro viloyat IIB holat yuzasidan o`rganish ishlari olib borayotgani haqida xabar bergan edik.
Viloyat IIB o`rganish natijalarini ma`lum qildi.
O`rganish davomida avtobusda qizbolaga shilqimlik qilgan yigitning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Tekshiruv davomida erkakning bu harakatida MJtKning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari o`zining to`liq tasdig`ini topgan.
"Soat birlar atrofida avtobusda bilmasdan nojoya harakat qildim, Kechirim so`rayman. Bu holat boshqa takrorlanmaydi", - deydi sudlanuvchi erkak.
To`plangan hujjatlar sudda ko`rib chiqilgan. Sud hukmiga ko`ra, erkakka nisbatan 15 sutga ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.






