AsosiyJamiyat

"O`qituvchini nazar-pisand qilmay telefon o`ynab o`tirishgan". Toshkentda kaltaklangan 8-sinf o`quvchilari bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi

'"O`qituvchini nazar-pisand qilmay telefon o`ynab o`tirishgan". Toshkentda kaltaklangan 8-sinf o`quvchilari bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi'ning rasmi

Avvalroq, Toshkent shahridagi maktablardan birida o`qituvchi o`quvchilarni kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi munosabat bildirdi. 

Ma`lum qilinishicha, holat Yashnobod tumanidagi 152-sonli umumta`lim maktabida shu yilning 2 mart kuni dars jadvali bo`yicha beshinchi soatda sodir bo`lgan. Biologiya fani o`qituvchisi G.M. 8-“A” sinfda dars o`tayotgan mahalida o`quvchilar X.D. va O.O.larning telefon o`ynayotganligini ko`rib, ularni bir necha marotaba ogohlantirgan, tanbeh bergan. Ammo o`quvchilar o`qituvchisining tanbehiga ham e`tibor qilmay, bepisandlarcha dars jarayoniga xalaqit qilishda davom etishgan. Oqibatda o`qituvchi G.M. asablarini jilovlay olmagan, o`quvchilarni tartibga chaqirgan, uning tanbehini inobatga olmaganligi tufayli o`qituvchi o`quvchilarni kaltaklagan.

Sodir bo`lgan holat yuzasidan o`quvchilarning ota-onalari huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.  Maktab o`qituvchisi G.M. va o`quvchining onasiga nisbatan ma`muriy choralar qo`llanilgan.

"Hozirgi paytda yuqoridagi holat yuzasidan maktabdagi ta`lim va tarbiya jarayonlari Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi tomonidan o`rganilayotganligini bildiramiz", - deyiladi Toshkent shahar XTBB Matbuot xizmati xabarida. 

    Boshqa yangiliklar