Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`an bugun, 10 mart kuni mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlari bo`ladigan sanani tasdiqladi. U televidenieda chiqish qilib, saylovlarni joriy yilning 14 may kuni o`tkazish to`g`risidagi qarorni imzolaganini ma`lum qilgan.
“Xalqimiz 14 may kuni o`z prezidenti va parlament a`zolarini saylash uchun saylovga boradi”, degan Turkiya rahbari.
Ta`kidlash joizki, mazkur saylovlar nafaqat Turkiyani kim boshqarishi, balki u qanday boshqarilishi, iqtisodiyoti qaerga yo`naltirilishi hamda Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarni yumshatishda qanday rol o`ynashi mumkinligini hal qiladi.
Ko`pchilik nazarida mazkur saylovlar respublikaning 100 yillik tarixidagi eng keskin saylov bo`ladi. Chunki hozirda muxolifat bloki hukumat alyansidan biroz oldinda. Blok Erdo`g`anning iqtisod, fuqarolik huquqlari va tashqi siyosatga oid ko`p siyosatini o`zgartirishga va`da bergan.






