Buxoroda OITS xastaligini qasddan boshqa ayolga yuqtirgan erkak aniqlandi.
Ta`kidlanishicha, Buxoro shahrilik 48 yoshli Q.N. 2009 yil 24 fevral kuni OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida OITSga qarshi kurashish markazida ro`yxatga olingan. U 22 yildan uzoq vaqtdan buyon shu markaz muolajalaridan foydalanib kelgan.
Q. N. agar o`zidagi xastalikni qasddan boshqaga yuqtirganda, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 113-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi to`g`risida rasman ogohlantirib kelingan va tilxat olingan.
Shunga qaramasdan, betartib jinsiy hayot kechirib, o`zining OIV infeksiyasiga chalinganligini bila turib, boshqa ayol bilan ishqiy munosabatda bo`lgan.
"2020 yilning yoz oylaridan hozirgi kunga qadar shu erkak bilan yaqin munosabatlarga kirishib kelganman. Muolajalar olib kelayotgani, markazda ro`yxatda turgani haqida bildirmagan. Judayam qattiq pushaymonman", — degan vaqt o`tib OITS xastaligini yuqtirganini bilgan ayol dastlabki surishtiruv davomida.
O`zida OIV infeksiyasi borligini oldindan bilgan holda ushbu kasallikni boshqa shaxslarni yuqtirish xavfi ostida qoldirgan erkak esa o`z hatti-harakatlaridan pushaymonlik bildirmagan. Va o`zining hayotini ham bundan bir necha yil ilgari shunga o`xshagan ayol barbod qilganini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 113-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.






