Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Butunxitoy xalq vakillari yig`inining 14-chaqiriq birinchi sessiyasida oliy lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo`lladi.
Davlatimiz rahbarining qutlovida so`nggi yillarda Xitoy Si Szinpin rahbarligida barcha soha va tarmoqlarda misli ko`rilmagan natijalarga erishgani, ilmiy-texnologik, innovasion va ijtimoiy rivojlanishda ulkan yutuqlarni qo`lga kiritgani alohida ta`kidlangan.
Xalqlarimiz o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko`tarishga XXR Raisining qo`shgan ulkan shaxsiy hissasi qayd etilgan.
Birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan davlatlarimizning ko`p qirrali hamkorligi bundan keyin ham xalqlarimiz manfaatlari yo`lida jadal rivojlanib borishiga ishonch bildirilgan.
O`zbekiston Prezidenti Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, mas`uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan zafarlar, do`st Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom ravnaq va farovonlik tiladi.






