Konstitusiyaviy qonun loyihasida bosh vazir nomzodini ko`rib chiqishni Qonunchilik palatasi vakolatiga o`tkazish belgilanmoqda.
Bosh vazir nomzodini ko`rib chiqish va ma`qullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko`rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to`g`ridan-to`g`ri saylanadigan Qonunchilik palatasi vakolatiga o`tkazilmoqda. Bu o`zgarish quyi palataning vakillik tabiatiga va ilg`or xorijiy tajribaga to`la mos keladi.
Amaldagi tartibga ko`ra, Bosh vazir nomzodini ko`rib chiqish faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko`p ovoz olgan partiya yoki partiyalar irodasiga bog`langan edi. Yangi taklif etilayotgan tartib orqali esa barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining nafaqat Bosh vazir nomzodini ko`rib chiqishda, balki butun Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki ta`minlanadi.
Faoliyati qoniqarsiz deb topilgan vazirni lavozimidan ozod etish bo`yicha Qonunchilik palatasining Prezidentga taklif kiritish huquqining belgilanayotgani Hukumat a`zolarining xalq vakillari oldidagi hisobdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.






