Prezident aholi tomonidan to`lovlarni amalga oshirishda qo`shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan qarorni imzoladi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 maydan boshlab benefisiari byudjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan to`lovlar bo`yicha to`lov xizmatlari ko`rsatganlik uchun vositachilik haqi (yig`imlar) to`lov shaklidan qat`i nazar to`lovchi – jismoniy shaxsdan emas, balki to`lov summasidan chegirib qolish yo`li bilan undiriladi.
Bunda, vositachilik haqi miqdori to`lov summasining bir foizigacha, biroq jami summasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan chegaraviy miqdorlardan ko`p bo`lmagan miqdorda bo`ladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 mayga qadar muddatga Toshkent shahrida huquqiy eksperiment tariqasida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalarida naqd pul echish xizmatini ko`rsatish amaliyoti joriy etiladi.
Qarorda “HUMO” va “UZCARD” to`lov tizimlari o`zaro integrasiyasini bosqichma-bosqich, jumladan 2023 yil may oyiga qadar bankomatlar hamda 2023 yil yakuniga qadar to`lov terminallari tizimini integrasiya qilish ishlarini yakunlash topshirilgan.






