Chet davlatlarda qiyin vaziyatlarda qolgan, masalan, odam savdosi qurboni bo`lgan yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi fuqarolardan 229 nafari O`zbekistonga qaytarildi. Bundan tashqari moddiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan 462 nafar fuqaroga qariyb 57 ming AQSh dollari miqdorida yordam ko`rsatildi. Bu haqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, ko`rsatilgan yordam miqdori xalqaro tashkilotlar, xayriya jamg`armalari, yuridik va jismoniy shaxslar, O`zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining beg`araz yordamlarini o`z ichiga oladi.
Shu bilan birga, favqulodda vaziyatlar, tabiiy ofatlar, murakkab epidemiologik holatlar va texnogen hodisalar oqibatida zarar ko`rgan 10 mingga yaqin fuqaromizga 108 ming AQSh dollaridan ziyod ko`mak ko`rsatildi. Bunda yordamning katta qismi Turkiyada ro`y bergan zilzila oqibatida jabr ko`rgan fuqarolarga ko`rsatildi.
Bundan tashqari, 14 mingga yaqin chet el fuqarosiga O`zbekistonga kirish vizasi berildi. Bu vaqt oralig`ida respublikaga 1,1 millionga yaqin chet el fuqarosi kirgan. Ya`ni xorijlik fuqarolarning 99 foizi vizasiz tartibda kelgan.






