6 ming nafarga yaqin davlat xizmatchilari birlamchi tibbiy ko`rikdan o`tkazildi . Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Cog`liqni saqlash vazirligi hamdaa hokimliklar bilan hamkorlikda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha hokimliklarda faoliyat yuritayotgan jami 5 744 nafar davlat fuqarolik xizmatchilarini tibbiy ko`rikdan o`tkazishdi.
Xizmatchilar 10 dan ortiq turdagi birlamchi tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.
Tibbiyot xodimlarining xulosalariga ko`ra, hokimlik xodimlari o`rtasida ovqat hazm qilish organlari (surunkali gastrit), yurak qon tomir (arterial gipertoniya), asab tizimi (osteoxondroz), ko`z va endokrin (qandli diabet va semizlik) kabi kasalliklar aniqlandi.
Kasallik aniqlangan xodimlarga davolanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko`rish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli ko`rsatmalar yuborildi, jarayon davom etmoqda.
Eslatib o`tamiz, “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatchisiga tibbiy xizmat ko`rsatish ijtimoiy himoya chorasi sifatida kafolatlangan.






