Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tuman bo`limi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Piskent filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumanda 9 mlrd so`m kreditni o`zlashtirgan MChJ rahbari va sobiq bank boshqaruvchisi aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
“Kh.S.” va “A-B.” MChJlar rahbari N.S. va boshqalar ushbu bank filiali sobiq boshqaruvchisi R.M. bilan o`zaro til biriktirib, boshqa bank filialida garovga qo`yilgan mulklarni qalbaki hujjatlar asosida takroran garovga qo`yish orqali tadbirkorlik va chorvachilik faoliyatini rivojlantirish uchun jami 9 mlrd so`m kredit ajratilishiga erishib, mazkur mablag`larni “P.” MChJga o`tkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 28, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 233-moddasi (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






