O`zbekiston Otelerlar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Mehmonxona biznesi forumi”da Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Eron Islom Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Hamid Nayrobodiy bilan uchrashdi. Bu haqda vazirning o`zi telegram kanalida ma`lum qildi.
Elchi janoblari Eronda ham, O`zbekistonda ham Temuriylar davrida bunyod etilgan me`moriy obidalar ko`pligi, turizm salohiyatini oshirish uchun bu imkoniyatdan unumli foydalanishimiz lozimligiga to`xtalib, hozirda ikki davlat o`rtasida hafta bir marotaba aviaqatnov amalga oshirilishi, bu o`zaro turizmni rivojlantirish uchun etarli emasligini ta`kidladi.
"Biz esa, Eronda saqlanayotgan tarix va madaniyatimizga aloqador qo`lyozmalardan nusxa ko`chirish, mehmonxona boshqaruvi va maqom yo`nalishida hamkorlik aloqalarini o`rnatish, shuningdek, Tehron va Samarqand shaharlari o`rtasida aviaqatnovni yo`lga qo`yish kabi takliflarni bildirdik.
Muzokara yakunida, Eron vakillarini Baxshichilik, Maqom san`ati, Sharq taronalari kabi xalqaro festivallarda ishtirok etishlari uchun taklif qildik" - deydi Ozodbek Nazarbekov.






