Kecha, 5 mart kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Istiqlol ko`chasi bo`ylab joylashgan Xalqaro forumlar saroyi binosi yonida 50 ga yaqin o`smirlar to`plangan. Ular "Ryodan" submadaniyatiga qo`shilish haqida turli shiorlar bilan chiqishgan.
Holat yuzasidan IIV matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, ichki ishlar organlariga ushbu harakat tashkilotchilari mamlakatdan tashqarida joylashgan buzg`unchi kuchlar ekani, ularning maqsadi milliy, irqiy, etnik va diniy adovatni, shuningdek, g`oyalariga qarshi bo`lgan ustidan tartibsizliklar, zo`ravonlikni targ`ib qilish ekanligi haqida turli ma`lumotlar kelib tushgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda buzg`unchi shiorlar va notanish kimsalar ta`siriga tushib qolmaslik haqida ogohlantirgan.
"Joriy yilning 5 mart kuni jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan profilaktika tadbirlari o`tkazilib, ota-onalar va hodisa ishtirokchilari bilan suhbat o`tkazildi", deyiladi xabarda.
Ma`lum qilinishicha, buzg`unchi kuchlarning yoshlarga ta`siridan harakat ishtirokchilarining quyidagi chaqiriqlari dalolat bergan: "Salom, bugun soat 18:00 da butun forumni **** buzamiz. Tishimizgacha qurollanamiz, pnevmatika, sovuq va jangovar qurollar". Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini obro`sizlantirishga urinishlar bilan anonim foydalanuvchilarning videolari tarqatilgan.
"Biz ota-onalarga farzandining sevimli mashg`ulotlariga e`tibor berish kerakligini eslatamiz", - deyiladi xabarda.






