Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O`zbekistonning suveren kredit reytingi bahosini BB (barqaror kutilma) darajada tasdiqladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma`lum qildi.
Hisobotda ta`kidlanishicha, respublikaning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo``tadil davlat qarzi darajasi va BB reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o`sish sur`atlari respublika suveren kredit reytingini qo`llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.
Qayd etilishicha, O`zbekiston iqtisodiyoti tashqi shoklar ta`siriga qarshi chidamlilik namoyish eta oldi, shu bilan birga tashqi shoklar bilan bog`liq noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, Jahon bankining so`nggi e`lon qilingan boshqaruv sifati ko`rsatkichlarida O`zbekistonning o`rni sezilarli yaxshilanib to`qqiz pog`onaga ko`tarilgan. Bunda mazkur o`zgarish tartibga solish sifati va hukumat samaradorligi, aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik hamda korrupsiyani tiyib turish ko`rsatkichlarida aks etgan.
2022 yilda O`zbekiston iqtisodiyotining 5,7 foizga o`sishiga asosiy omillar sifatida yuqori eksport hajmlari, fiskal rag`batlantirish hamda aholi iste`molining o`sishiga sabab bo`lgan pul o`tkazmalari ko`rsatib o`tilgan.
Agentlik global iqtisodiyotining sekinlashuvi ortidan 2023-2024 yillarda O`zbekiston iqtisodiyoti o`rtacha 5,4 foizga o`sishini prognoz qilmoqda.
Fitch prognoziga ko`ra, fiskal konsolidasiya kutilganidan ko`ra tezroq amalga oshib, konsolidasiyalashgan byudjet defisitining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2023 yilda agentlik tomonidan kutilgan 3,9 foiz o`rniga 3,5 foizni, 2024 yilda esa 2,3 foizni tashkil etadi. (BB reytingiga ega mamlakatlar uchun o`rtacha – 3,3 foiz)
Shuningdek, agentlik imtiyozli shartlarda jalb qilingan uzoq muddatli kreditlar sababli davlat qarzi bilan bog`liq xatarlarni past darajada baholagan.
Hisobotda keltirilishicha, pul o`tkazmalari o`sishining barqarorlashuvi va import hajmining ortishi natijasida 2023-2024 yillarda joriy operasiyalar hisobi defisiti YaIMga nisbatan o`rtacha 4,4 foizni tashkil qiladi.
Agentlik 2022 yilda inflyasiya darajasi o`rtacha 11,3 foizni tashkil etishi, 2024 yilga kelib mazkur ko`rsatkich 9,0 foizgacha pasayishini prognoz qilmoqda.






